Boshni quyi egish – bu cheksiz nafrat va jirkanish alomatidir.
Hissiyot olamidan tashqaridagi barcha narsalarni til faqat ishora qilish bilangina izhor eta oladi, ammo unga eng yaqin bo‘lgan ifodani ayta olmaydi, chunki til hissiyot olamiga muvofiq holda faqat bor bo‘lgan moddiyatlar va ular bilan bog‘liqlarnigina ta’rif eta oladi.
Qarg‘alar faqat qarg‘agina osmonni yo‘q qilishga qodir deb biladilar. Ammo osmonning – bu osmon, qarg‘aning – qarg‘a ekani hammaga ham ma’lum-ku!
Kuchli bir yorug‘lik bilan butun olamni munavvar etish mumkin. Ko‘rishi kuchsiz bo‘lgan ko‘zlarni u qamashtira boshlaydi, undan ham kuchsiz bo‘lgan ko‘zlar oldida unda mushtlar paydo bo‘ladi va unga qiyo boqishni istamaganlarni mahv eta boshlaydi.
Biz shunchaki javob berolmaydigan savollar bor, shukrki tabiatning o‘zi javob berishdek mashaqqatni bo‘ynimizdan soqit qildi.
Seni yovuzlik sari undayotgan yot fikrlar – bu sening fikrlaring emas, balki yovuzliknikidir.
Inson o‘zidagi barham topmaydigan qandaydir bir narsaga doimo ishonib yashaydi, negaki u barham topmaydi va bu ishonch uning uchun uzoq vaqt maxfiy qolishi ham mumkin. Bu maxfiylikning ko‘rinishlaridan biri – ilohiyotga bo‘lgan ishonchdir.
Kuz yo‘liga bir nazar tashlang: hozirgina undagi xazonlarni supurib tashlashdi, u esa yana qurigan barglar bilan qoplandi.
Taraqqiyotga ishonish taraqqiyotga erishilganiga ishonish degani emas. Yo‘qsa bu ishonch deb atalmagan bo‘lur edi.
O‘zingda diyonat emas, yovuzlik ustun degan tasavvur uyg‘onishiga yo‘l qo‘yma.
Hayvonlar o‘z egalarining qafasidan chiqib, o‘zlarini xo‘jayin deb his etmoqni istaydilar, lekin ular bu o‘yin faqat egalarining yangi qafasni qurib bitkazgunicha o‘ylab chiqqan bir hiyla ekanini bilmaydilar.
Haqiqat yo‘li yerning ustidan biroz balandlikda tortilgan arqon bo‘ylab o‘tadi. U unda yurishdan ko‘ra ko‘proq u to‘g‘rida xayol surishga mo‘ljallanganga o‘xshaydi.
Dunyoda qanday qilib shodlanish mumkin? Basharti faqat sen uning ichiga qochib kirsang.
Qafas qush izlagani ketdi.
Haqiqiy dushman oldida senda cheksiz mardlik paydo bo‘ladi.